Tayvan harbiylari 9-iyun kuni Taypey bandargohiga kirib kelgan Xitoy dengiz kuchlari sobiq kapitanini hibsga olgan. Bu haqda Tayvan hukumati manbalariga tayanib, Reuters nashri xabar berdi.
Harbiylar sobiq kapitanni Taypey bandargohiga noqonuniy ravishda kirganlikda ayblab, hibsga olgan. Hibsga olingan shaxs orol mudofaasi to‘g‘risida maʼlumot to‘plashda ham ayblanmoqda.
Tayvan qirg‘oq qo‘riqlash xizmati oldindan o‘zida bo‘lgan maʼlumot asosida dengiz bo‘yidagi Tamsui hududida gumonlanuvchini hibsga olgani aytilgan. Xitoy vakili ushbu hududdagi daryo orqali Tayvan markaziga suzib borishni reja qilgan.
Hozirda hibsdagi sobiq kapitan so‘roq qilinayotgani maʼlum qilingan. Unga tegishli tezyurar qayiqdan shubhali buyumlar topilmagan.
So‘nggi bir yil ichida bu kabi holat Tayvanda 18 bor ro‘y bergan. Taypey harbiylari orolga ruxsatsiz yaqinlashgan kemalarni ogohlantirmasdan to‘xtatgan va hibsga olgan.
Xitoyning Tayvan ishlari bo‘yicha idorasi ham, mudofaa vazirligi ham hodisa yuzasidan izoh bermagan. Tayvan mudofaa vaziri Vellington Ku jurnalistlar bilan suhbatda kapitanning orolga noqonuniy kirib kelishi Xitoyning orolga qarshi “kulrang zona” taktikasining yana bir namunasi bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Maʼlumot o‘rnida, joriy yilning mart oyida ikki nafar tayvanlik baliqchi Tayvan nazoratidagi Kinmen orollari yaqinida adashib Xitoy suv hududiga kirgan edi. Sobiq armiya ofitseri bo‘lgan baliqchi mahalliy harbiylar tomonidan hibsga olingan. Uning hamrohi esa qo‘yib yuborilgan.
Izoh (0)