Shavkat Mirziyoyev 5-iyun kuni Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori doktor Ngozi Okonjo-Ivealani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi borasida ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Qisqa muddat ichida ishchi guruhning ikkita yig‘ilishi o‘tkazilgani, aʼzo mamlakatlar bilan faol muzokaralar olib borilayotgani, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash shartlari muhokama qilina boshlangani va milliy qonunchilikni tashkilotning meʼyor va qoidalariga muvofiqlashtirish ishlari davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shuningdek, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, elektron savdo va raqamli xizmatlar eksportini oshirish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi taʼkidlandi.
Xalqaro savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha o‘zbekistonlik ekspertlarning salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda, JSTning ko‘magi bilan O‘zbekistonda Savdo siyosati bo‘yicha kompetensiya markazini tashkil etish taklif etildi.
Davlat rahbari JST bosh direktorini davra suhbatida ishtirok etgani va O‘zbekistonning yetakchi universitetlari talabalari bilan uchrashgani uchun minnatdorlik bildirib, unga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining faxriy doktori unvoni berilgani bilan tabrikladi.
Uchrashuv yakunida Ngozi Okonjo-Iveala O‘zbekistonning tashkilotga aʼzo bo‘lish yo‘lidagi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Izoh (0)