“Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Hujjat bilan mamlakatda aholining yagona elektron reyestri joriy etilmoqda.
Qayd etilishicha, 2025-yil 1-yanvardan jismoniy shaxslarning fuqarolik holati hamda ularning shaxsiga doir boshqa maʼlumotlarni o‘z ichiga oluvchi Aholining yagona elektron reyestri joriy etiladi.
Aholining yagona elektron reyestri:
- O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsga doir maʼlumotlari yagona elektron bazasi hisoblanadi;
- tegishli davlat organlari va tashkilotlarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi hamda fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish, notarial harakatlarni rasmiylashtirish, bank, kommunal, sug‘urta va boshqa ommaviy xizmatlarni ko‘rsatishda ushbu reyestrdan foydalaniladi;
- Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi tomonidan yuritiladi.
Avvalroq prezident farmoniga muvofiq, Adliya vazirligi tomonidan Personallashtirish agentligining maʼlumotlar bazasida jismoniy shaxsni uning yuz qiyofasidan (Face ID) identifikatsiya qilish tizimi joriy etilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)