O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Nodirjon Turg‘unov Saudi Travel Market kompaniyasi vakili va taniqli bloger Siham al-Masʼud bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida turizm yo‘nalishida hamkorlik aloqalarini jadallashtirish, O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar sonini oshirish, ikki davlatda mazkur yo‘nalishda o‘tkaziladigan yirik tadbirlarda soha vakillarining ishtirokini taʼminlash masalalari muhokama qilingan.
Siham al-Masʼud O‘zbekiston dunyodagi asosiy turizm maskanlaridan biri ekanini eʼtirof etib, Saudiya turkompaniyalari o‘zbek tomoni bilan hamkorlik o‘rnatishga tayyorligini bildirgan. U, shuningdek, blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanishini ham aytib o‘tgan va Instagram sahifasida 100 ming, Snapchat ijtimoiy tarmog‘ida 22 ming hamda Google map’da 4 millionga yaqin obunachisi borligini maʼlum qilgan.
Ularda, asosan, saudiyalik sayyohlar tashrif buyurayotgan mamlakatning tarixi, madaniyati, milliy taomlari, bozorlari va mehmonxonalar haqidagi muhim maʼlumotlar eʼlon qilib boriladi, — deydi u.
Uchrashuv yakunida Saudi Travel Market kompaniyasi vakilining O‘zbekistonga safarini tashkil etish va mamlakat sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan tadbirlarni birgalikda tashkil etish to‘g‘risida kelishib olingan.
Avvalroq O‘zbekistonga 2024-yilda mingdan ortiq britaniyalik turist yuborilishi rejalashtirilayotgani, mamlakatga 2024-yilning yanvar—mart oylarida jami 1 million 519,3 ming nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda tashrif buyurgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)