12-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat mudofaa vaziri Sergey Shoyguni lavozimidan ozod etdi. Uning o‘rnini Federatsiya Kengashi tasdiqlovi bilan Andrey Belousov — iqtisodiy masalalar bo‘yicha sobiq bosh vazir o‘rinbosari egallashi kutilmoqda. Nega aynan u va bu nimani anglatadi?
Putin nima uchun Shoyguni ishdan oldi?
Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlaganidan keyin mudofaa vazirining iste’fosi haqida mish-mishlar urchishi ko‘paydi. Ayniqsa, bu mavzu 2023-yilning birinchi yarmida — Sergey Shoyguning “Vagner” CHVK asoschisi Yevgeniy Prigojin bilan ochiq mojarosi fonida faol muhokama qilindi. Ushbu bahs o‘z-o‘zidan hal bo‘ldi — yollanma jangchilar yetakchisi uyushtirgan isyon omadsiz kechdi, ikki oy o‘tib esa kutilmagan aviahalokat qurboniga aylandi.
Putinning navbatdagi inauguratsiyasi o‘tkazilgan sana — 2024-yil 7-maydan oldin Shoyguning iste’fosi haqida yana gap-so‘zlar “Rossiya elitasi” va siyosatshunoslari orasida ko‘paydi. Ayrim ekspertlarning baholashicha, Shoyguning ketishiga uning o‘rinbosari, korrupsiyada ayblangan Timur Ivanovning hibsga olinishi sabab bo‘lgan. Ammo “Meduza” nashrining Kremlga yaqin manbalari u vaqtda mudofaa vazirining iste’fosi haqida ishonchli manba bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Rossiya prezidenti administratsiyasi va mamlakat hukumatiga yaqin manbalarga ko‘ra, Shoyguning iste’fosiga Rossiya armiyasiga qurol-yarog‘ yetkazib beradigan asosiy kompaniya — “Rostex” rahbari Sergey Chemezov bilan mojarosi turtki bo‘lgan. Ularning aytishicha, oxirgi oylarda vazir qurollanishda uzilishlar bo‘layotgani, shuningdek, qurol-yarog‘larning zamonaviy namunalari frontga umuman yetib kelmayotgani to‘g‘risida Putinga muntazam shikoyat qila boshlagan. “Gapning ma’nosi bunday edi: agar mudofaa sanoati pand bermaganda, ancha oldinga siljigan bo‘lardik”.
May boshida ular o‘rtasidagi mojaro barchaga oshkor bo‘ldi. Avvaliga Shoygu ochiq-oydin mudofaa sanoatini frontga ko‘proq texnika yetkazib berishga chaqirdi. Chemezov esa unga javoban “Rostex” Mudofaa vazirligiga talab etilayotgan barcha narsani o‘z vaqtida yetkazayotganini ma’lum qildi.
Vaziyatdan xabardor insonlarning qayd etishicha, Shoyguning “tuhmatchiligi” Chemezovga yoqmagan: “U prezident bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqadagi yaqin inson. Ta’sir doiraga ega”. Prezident administratsiyasiga yaqin manbaning ta’kidlashicha, aftidan Chemezov anchadan buyon Shoyguning iste’fosini talab qilib kelayotgan “Rosgvardiya” rahbari Viktor Zolotov bilan birlashgan. U esa o‘z navbatida Tula viloyati gubernatori Aleksey Dyuminni vazir lavozimiga ilgari surib keladi (2010-yillar o‘rtalarida Dyumin mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan).
Bir kishini urishib, ishdan olishni so‘rashsa — bu bir gap. Ikki kishi bo‘lsa — boshqa masala. Nozik joyiga zarba berishdi — korrupsiya. Natijada Timur Ivanov hibsga olindi va keyinroq Shoyguning iste’fosi, — deydi manba.
Armiya rahbariyati orasidan bo‘lgan suhbatdoshning qo‘shimcha qilishicha, ushbu sa’y-harakatlar natijasida armiya ichida Shoyguga nisbatan norozilik yuzaga kelgan: “U strateg ham, harbiy rahbar ham emas. U yorliqlarni chiroyli tayyorlaydigan xo‘jalik yurituvchi”.
“Yagona Rossiya”dagi manba esa o‘z navbatida Shoygu ancha oldin Mudofaa vazirligidan ketish rejalarini “ishlab chiqqanini” aytgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi lavozimlar orasida Shoygu prezidentning Sibir federal okrugidagi vakili bo‘lishni xohlagan va u yerda keng ko‘lamli infratuzilmaviy loyihalar bilan shug‘ullanishni niyat qilgan (masalan, oldinroq Shoygu Sibirda bir nechta yangi shaharlar qurish g‘oyasini ilgari surgandi).
Ammo buning o‘rniga sobiq vazir Xavfsizlik kengashi rahbari lavozimiga o‘tkazildi — bu Rossiyaning vertikal hokimiyat tizimida faxrli va zalvorli joy. O‘tgan 15 yil davomida mazkur lavozimda FXXning sobiq direktori, Vladimir Putinning eski qadrdoni Nikolay Patrushev egallab keldi. Tayinlovlardan keyin Patrushev prezident yordamchisiga aylandi.
Kremlga yaqin suhbatdoshning ta’kidlashicha, Shoyguning yangi lavozimi sobiq mudofaa vaziri uchun “xavfsizlik kafolati” bo‘lib xizmat qiladigan “yaxshi joy”. Shu bilan birga Shoygu jamoasidagi odamlarning istiqboli Timur Ivanov ishi fonida noma’lumligicha qolmoqda: “Beriladigan lavozim ham, xavfsizlik kafolati ham yo‘q”.
Nima uchun iqtisodchi Belousov mudofaa vaziri bo‘ldi?
Shoyguning o‘rniga harbiy idoraga sobiq bosh vazir o‘rinbosari va Putinning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi Andrey Belousov egallamoqda. Rossiya hukumatiga yaqin insonlarga ko‘ra, bu “shaxsan prezidentning qarori”.
“Ivanov ishidan keyin moliyaviy oqimlarga tushunadigan va nazorat qila oladigan, vazirlikni egallab olishi mumkin bo‘lgan jamoasi yo‘q insonning tayinlanishi — ha, mantiqqa to‘g‘ri keladi. Tashabbus prezidentga tegishligimi? Aniq emas”, — deydi nashr suhbatdoshi.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Belousovning lavozimga tayinlanishiga tushuntirish berdi. Birinchidan, “kuch bloki iqtisodiyotini mamlakat iqtisodiyotiga moslashtirish zarurati”. U mazkur yo‘nalishdagi xarajatlar ortishiga alohida urg‘u berdi: “Biz bosqichma-bosqich iqtisodda kuch blokining xarajatlar ulushi YIMning 7,4 foizini tashkil etgan 1980-yillardagi geosiyosiy vaziyatga yaqinlashyapmiz”.
Umuman olganda Rossiyaning harbiy xarajatlari mazkur chegaradan allaqachon o‘tib bo‘lgan. 2024-yil byudjetida “milliy mudofaa” va “milliy xavfsizlik” uchun jami 13 trillion rubl — federal byudjetning qariyb 40 foizi va YIMning 7,6 foizi ajratilgan. O‘z navbatida Peskov sovet harbiylarining xarajatini kamaytirib ko‘rsatdi. MRBga ko‘ra, 1980-yillarda sovet harbiy-sanoat kompleksi 15 dan 18 foizgacha chiqib ketgan.
Belousovning Mudofaa vazirligi rahbari etib tayinlanishiga yana bir sabab — harbiy sohaga innovatsion yangiliklar yetishmaydi, Belousovning esa bu borada tajribasi yetarli. Xususan, Peskovning baholashicha, Belousov “Iqtisodiy rivojlanish vazirligini muvaffaqiyatli boshqargan”.
Aynan qanday muvaffaqiyatlar kutilayotganiga Peskov aniqlik kiritmadi. Bundan tashqari, Belousov Iqtisodiy rivojlanish vazirligini ko‘p boshqarmagan — 2012-yilning mayidan 2013-yilning iyuniga qadar.
U rostdan ham joriy etishga ulgurgan sezilarli yangiliklardan biri — o‘rta biznes vakillari bilan birgalikda ishlab chiqilgan investitsion muhitni yaxshilash bo‘yicha yo‘l xaritalaridir. Bularning barchasi bilan 2011-yilda Belousov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Strategik tashabbuslar agentligi” (STA) shug‘ullangan. U vaqtda yangi mudofaa vaziri hukumat apparatida ishlar, yangi loyiha uchun jamoa to‘plar edi, Iqtisodiy rivojlanish vazirligiga o‘tib esa STAni byurokratik ishlarda qo‘llay boshladi.
Agentlik Rossiyada biznes yuritishga yengillik beradigan islohotlar tahlilini tayyorlar edi — masalan, litsenziya hamda ruxsat talab etiladigan tekshiruvlar va muddatlar sonini kamaytirish. STAning rossiyalik amaldorlar bilan hamkorlikda amalga oshirgan eng katta ishi natijasida Rossiya 2012-yildan 2019-yil oxiriga qadar Jahon bankining Doing Business reytingida 120-o‘rindan 28-pog‘onaga ko‘tarilgani bo‘ldi.
Umuman olganda o‘sha yili Rossiyada biznesmen Maykl Kalvi — Rossiya iqtisodiyotiga uzoq yillardan beri investitsiya kiritib keladigan Baring Vostok fondi asoschisiga jinoyat ishi ochildi. Kalvi bunday ta’qibni Belousov bilan bog‘lagan — o‘z navbatida u jinoiy ishga aloqadorligini rad etgan. Kalvi o‘zining hibsga olinishini “Vostochniy” banki atrofidagi mojaro sabab bo‘lganini aytgandi. Baring Vostok fondi ushbu bankka investitsiya kiritgan, uning asosiy aksiyadori esa STAning top-menejerlaridan biri Artyom Avetisyan edi.
Belousov haqida nimani bilish kerak va undan nima kutmoq lozim?
“Rossiya Mudofaa vazirligi rahbariyati — Shoygu va Ivanov — shu qadar korrupsiya botqog‘iga botib ketgandiki, hukumat pullar boshqa maqsadlarga yo‘naltirilmaydigan qattiqqo‘l davlat amaldorini tayinlashga qaror qildi”, — deydi Rossiya Forbes’ning dastlabki yuztalik ro‘yxatidan o‘rin olgan biznesmen.
Andrey Belousovning tanishlari rostdan ham amaldorni korrupsiyaga moyilligi yo‘q inson sifatida ta’riflaydi: “U ovoza bo‘lgan antikorrupsion tergovlarga aralashmagan va biografiyasida dog‘lar, Nitssada ko‘chmas mulki, yaxta va hisoblari yo‘q inson”.
Shunga qaramay, Belousovning davlat shartnomalari ortidan pul ishlab kelayotgan 29 yoshli Pavel ismli o‘g‘li bor. 2015-yilda Pavel Belousov va uning rafiqasi Yevgeniya Claire&Clarte MCHJni ro‘yxatdan o‘tkazgan. Kompaniya saytida keltirilishicha, ular asosan “muhandislik konsaltingi” va “raqamlashtirish” xizmatlarini ko‘rsatadi, mijozlari orasida Rossiya sanoat va savdo vazirligi, “Rostex” va “Rosatom” davlat korporatsiyalari bor.
Claire&Clarte biznesi 2023-yilgacha u qadar katta ko‘rinmasdi: “Spark-Interfaks” ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyaning maksimal daromadi 50 million rublni tashkil etgan, 2022-yilga kelib, daromad 23 millionga qadar kamaygan. Ammo o‘tgan yili kompaniya ko‘rayotgan daromad kutilmaganda 20 barobarga oshib ketdi. Ochiq manbalarda Claire&Clarte’ning yirik shartnomalari haqida ma’lumot yo‘q.
Andrey Belousovni taniganlar uni urush boshlanganidan keyingi Rossiyada “mobilizatsion iqtisodiyot”ning ehtimoliy quruvchilaridan biri deb atashadi. Uning siyosiy qarashlari ham Putinga mos kelishi aytiladi. 65 yoshli Belousov — “tug‘ma” davlat iqtisodchisi. Otasi Rem Belousov Kosigin islohotlarini ishlab chiqishda ishtirok etgan, Markazqo‘mning Ijtimoiy fanlar akademiyasi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarini boshqarish kafedrasiga rahbarlik qilgan, SSSR tarqalgach, Xalq xo‘jaligi akademiyasi huzuridagi institutlardan birida menejment kafedrasiga asos solgan va Moskva biznes maktabining faxriy professori.
Otam o‘z vataniga sadoqat borasida haqiqiy vatanparvar edi: u insonning barcha harakatlari yanada kuchliroq bo‘lishiga qaratilishi lozim derdi, — deya eslaydi Andrey Belousovning ukasi Dmitriy.
Andrey va Dmitriy Belousovlar otasi ortidan iqtisodchi bo‘ldi hamda uzoq yillar birgalikda karyera qurdi: ikkisi ham Moskva davlat universitetining iqtisodiyot fakultetini tamomladi, Qishloq xo‘jaligini prognozlashtirish institutida ishladi.
Belousovlarni yaxshi taniydigan rossiyalik milliarderlardan tayinlovni quyidagicha ta’riflaydi: “Demak, urush uzoq davom etadi: birinchidan, u ham xuddi Putin turgan pozitsiyada, ikkinchidan, harbiy iqtisodiyotni yanada samarali qilish yo‘lini biladi”.
Izoh (0)