Surxondaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Anvar Oripov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan uning o‘rniga Sherzod Rajabov Abdimuratovich tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Sherzod Rajabov 1984-yil Qiziriq tumanida tug‘ilgan. 2007-yilda Termiz davlat universitetini, 2014-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Maʼlumoti bo‘yicha mutaxassisligi – iqtisodchi.
U mehnat faoliyati davomida Surxondaryo viloyati hokimligi guruh rahbari, Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligining bo‘lim boshlig‘i, direktor o‘rinbosari, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi direktorining o‘rinbosari lavozimlarida mehnat qilgan.
Mazkur lavozimga tayinlangunga qadar 2023-yildan buyon Qiziriq tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.
Shuningdek, Ziyoda Aminova Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Ziyoda Aminova 1978-yil Kasbi tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan.
U tayinlovga qadar viloyat hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Bundan oldin Rustam Sulaymonov Navoiy viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)