Bugun, 28-mart kuni soat 09:33 da qattiq shamol natijasida Toshkent shahrida 110 kVli “L-K-D” elektr uzatish tarmog‘i 60 MVt quvvat bilan avariyaviy o‘chdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Buning natijasida Toshkent viloyatining Piskent, Quyi Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlarida istiqomat qiluvchi 12 ming 550 ta isteʼmolchi, shuningdek, kichik ishlab chiqarish sanoat korxonalari elektr taʼminotidan uzilgan.
“Hozirgi vaqtda isteʼmolchilarni boshqa manbalardan taʼminlash choralari ko‘rilyapti”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, soat 10:20 da Chilonzor tumani, 19-daha “Xirmontepa” mahallasida diametri 50 millimetr bo‘lgan past bosimli gaz quvuri katta daraxt shamol oqibatida ildizidan qo‘porilib tushgani bois uzilgan. Natijada, ushbu hududdagi 16 ta ko‘p qavatli uyning 768 ta xonadoni tabiiy gazdan vaqtincha uzilgan.
Ayni paytda noqulay ob-havo (qattiq shamol va yomg‘ir) sharoitiga qaramasdan, maxsus brigadalar tomonidan ushbu nosozliklar bartaraf etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 14-mart kuni Jizzax viloyatida shamol va qor ta’sirida 6-10 kVli 5 ta elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelgandi.
Izoh (0)