Xitoyda to‘rt nafar yuqori martabali futbol amaldoriga, jumladan, Xitoy futbol assotsiatsiyasi (CFA) sobiq rahbari Chen Syuyuan va vitse-prezident Yu Hongchenga pora olgani uchun qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Global Times xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, CFA sobiq prezidenti 81 million yuandan (11,23 million dollar) ortiq pora uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Bundan tashqari, Chen Syuyuan bir umrga siyosiy huquqlaridan mahrum etilib, barcha shaxsiy mulki musodara qilingan.
Sud 2010-yildan 2023-yilgacha Chen CFA prezidenti lavozimini suiiste’mol qilib, turli yuridik va jismoniy shaxslarga loyiha shartnomalari, investitsiya operatsiyalari va tadbirlarni tashkil etishda yordam berganini aniqladi.
O‘z xizmatlari uchun CFAning sobiq rahbari noqonuniy ravishda 81 million yuandan ortiq mablag‘ olgan. Uning xatti-harakatlari poraxo‘rlikning o‘ta og‘ir ishi sifatida baholanmoqda. CFAdagi rahbarlik lavozimida ishlagan vaqtida u bir qancha futbol klublari va mintaqaviy futbol assotsiatsiyalari manfaati uchun o‘z ta’siridan foydalangan.
Bundan tashqari, Chen o‘zining noqonuniy daromadlarini qaytarib, afsusdaligini aytgan.
Xitoy xalq sudi CFA rahbarining sobiq o‘rinbosari Yu Hongchenni 13 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan. Uning noqonuniy daromadi miqdori 22,54 million yuandan ortiqni tashkil etgan. CFA bosh kotibining sobiq o‘rinbosari Chen Yunlyan 14 yilga, Xitoy Superligasi (CSL) sobiq bosh direktori Dun Chjen esa 8 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Izoh (0)