11-mart kuni Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov Ukraina kuchlari Qrimda “jiddiy operatsiya” o‘tkazishga tayyorlanayotganini maʼlum qilgan. Bu haqda “TASS” nashri batafsil maʼlumot bergan.
“Qora dengizdagi harakatlarimiz Qrimdagi jiddiy operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotganimiz ishorasidir”, — deya bayonot bergan Kirill Budanov.
Ukraina harbiy razvedka agentligi bergan maʼlumotga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlarining 2022—2023-yillarda Qora dengiz mintaqasidagi barcha harakatlari strategik reja bilan bog‘liq. Ukraina qo‘shinlari Xerson viloyatidagi Dnepr daryosining chap qirg‘og‘iga hujum qilishga urinishi ham xuddi shu maqsadga xizmat qilgan.
Xabarda aytilishicha, Ukraina qurolli kuchlarining maʼlum operatsiyalar haqidagi so‘nggi daʼvolari G‘arb ittifoqchilaridan yordam yetkazib berishda sezilarli kechikishlar fonida eshitilmoqda. AQSH Kongressi bir necha oydan beri Kiyevni qo‘llab-quvvatlash uchun sarflanishi nazarda tutilgan xarajatlar paketini tasdiqlay olmayapti. Ayni paytda Yevropa Ittifoqi davlatlaridan yetkazib berilayotgan taʼminot esa Ukraina armiyasining barcha ehtiyojlarini qoplamaydi.
2023-yil iyun oyining boshidan beri Ukraina qurolli kuchlari bir qancha muvaffaqiyatsiz hujumlar tashkil etgan. Bu esa jiddiy yo‘qotishlarga olib kelgan. Natijada, G‘arb ommaviy axborot vositalari ittifoqchilarning uzoq davom etgan mojarodan charchagani haqidagi maqolalar chop eta boshladi. Kiyev o‘zining jangovar muvaffaqiyatsizliklari uchun javobgarlikni G‘arb yelkasiga ortishga urinib, frontdagi qiyin vaziyatni qurol-yarog‘ning kechikishi bilan izohlagan.
Izoh (0)