Jizzaxda chiqindi poligoni qurish buyurtmachi va pudratchi o‘rtasidagi shartnomaviy nizolar sabab to‘xtab qolgan. Bu haqda Oliy Majlis Senati axborot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Senat tomonidan Jizzax viloyati o‘rganilganda, viloyatning Zomin tumani “Nihol” MFY hududida yangi chiqindi poligoni qurilishi ishlari ortga surilib kelinayotgani aniqlangan.
Zomin tumani “Nihol” MFY hududida umumiy maydoni taxminan 10 gektardan iborat bo‘lgan, birinchi bosqichda tuman aholisiga va kelgusida qo‘shimcha tarzda Yangiobod tumani aholisiga xizmat ko‘rsatadigan yangi chiqindi to‘plash poligoni qurish belgilangan.
Lekin hozirga qadar mazkur chiqindi poligoni ishga tushirilmagan. 2021—2022-yillarda mazkur poligon bo‘yicha qariyb 5 mlrd so‘mlik ish bajarilgan. Lekin buyurtmachi va pudratchi o‘rtasidagi shartnomaviy nizolar sabab ishlar to‘xtab qolgan. Vaholanki, hozirda ushbu chiqindi poligoniga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Eng e’tiborlisi ushbu poligonni qurish uchun hattoki moliyaviy mablag‘ masalasi ham prezidentning 2023-yil 2-maydagi qaroriga muvofiq hal etilib, respublika byudjetidan 5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi belgilangan. Ammo loyiha o‘z vaqtida amalga oshirilmagan, — deyiladi yuqori palata axborotida.
Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur chiqindi poligonini ishga tushirish choralarini ko‘rish Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasining nazoratiga olingan.
Izoh (0)