Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich G‘arb bosimiga qaramay, Rossiyaga qarshi sanksiyalardan voz kechish siyosatini davom ettirishni rejalashtirmoqda. U ruslarni do‘stona xalq deb atadi va ularga nisbatan “bunday qilish adolatsizlik bo‘ladi”, dedi.
“Ukrainada mojaro boshlanganida voqealar qanday rivojlanishini bilmasligimni aytdim. Va keyin biz davlat darajasida hamma kabi mojaroni qoralashga qaror qildik, lekin bizning Rossiyaga qarshi pozitsiyamiz sanksiyalar qo‘llash emasligini ma’lum qildik”, — dedi Vuchich “TASS” agentligiga bergan intervyusida.
Uning ta’kidlashicha, Serbiya Yevropada Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmagan yagona davlatdir. Aleksandr Vuchich “o‘z pozitsiyasini iloji boricha uzoqroq himoya qilishga harakat qilishga” va’da berdi.
“Biz buning ikki yildan beri uddasidan chiqyapmiz. Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmaslikda davom etamizmi yoki yo‘qmi, bilmayman, lekin umid qilamanki, shu pozitsiyada qolamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Serbiya prezidenti.
Aleksandr Vuchich 2023-yilda Ukraina tufayli uning mamlakatiga tashqi bosim kuchayib borayotganidan shikoyat qilgan edi. U Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llashdan bosh tortishining sababi sifatida ularni samarasiz deb bilishini keltirdi.
Shuningdek, Vuchich G‘arb Rossiyani jang maydonida mag‘lub eta olmasligiga ishonadi.
Izoh (0)