“Iqtisodiyot sohalari uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali.
Qarorga ko‘ra, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (unga Toshkent moliya instituti va Fiskal institutni qo‘shib olish yo‘li bilan) qayta tashkil etildi.
“Taʼlim — fan — innovatsiya — raqamlashtirish” ekotizimini va sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlar transferini samarali yo‘lga qo‘yish universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi. Bunda universitet iqtisodiyot, moliya va soliq sohalari uchun oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish hamda metodik taʼminot bo‘yicha yetakchi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.
Toshkent moliya instituti va Fiskal institutda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini universitetda davom ettiradi hamda 2023/2024-o‘quv yilidan bitiruvchi kurs talabalariga universitet diplomi beriladi.
Universitetda 2024/2025-o‘quv yilidan bakalavriat va magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun alohida xorijiy tillarda o‘qitiladigan guruhlar tashkil etiladi.
Taʼlim dasturlari xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining dasturi asosida bosqichma-bosqich ishlab chiqiladi.
Avvalroq hukumat qarori bilan iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Teshaboyev Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori etib tayinlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)