Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Qurolli kuchlar ichki xizmati ustaviga harbiylarning fuqarolarga qarshi qurol ishlatishiga ruxsat beruvchi o‘zgartirishlarni kiritdi.
Lukashenko hujjatning 11-moddasini o‘zgartirishni buyurgan. Uning yangi tahririda harbiy xizmatchilar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda “mavjud vaziyat, jinoyatning xususiyati, ma’muriy huquqbuzarlik va huquqbuzarning shaxsini hisobga olgan holda qurol ishlatish” huquqiga egaligi yozilgan.
Harbiylar qurolni ishlatish niyati haqida “aniq va ravshan” ogohlantirish berishi kerak. Qoidabuzarga belgilangan talablarni bajarishda yetarli vaqt berish lozim. Biroq harbiylarning o‘zi yoki boshqa fuqarolarning hayotiga xavf tug‘diradigan yoki “boshqa og‘ir oqibatlarga” olib kelishi mumkin bo‘lgan hollar bundan mustasno.
Quroldan foydalanish natijasida “fuqaroning jarohatlangani yoki o‘lgani” to‘g‘risida darhol tegishli prokurorga, shuningdek tergov organiga xabar berish kerak. Harbiy xizmatchilar “umumiy harbiy nizomlar talablariga muvofiq” harakat qilsalar, yetkazilgan “zarar” uchun javobgar bo‘lmaydi.
Ilgari 11-moddada “Harbiy xizmatchilarning jismoniy kuch, maxsus vositalar, qurol-yarog‘, harbiy va maxsus texnikani o‘z vakolatlari doirasidan tashqari qo‘llashi qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi”, deyilgan edi.
Izoh (0)