Davlat bojxona qo‘mitasi xodimi jinoiy guruh bilan til biriktirib, 145 milliard so‘mlik sug‘urtalash orqali davlat budjetiga tushishi kerak bo‘lgan mablag‘larni o‘zlashtirishga uringanda qo‘lga olingan. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Muxtorov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.
Ilhom Muxtorovning aytishicha, pullarni o‘zlashtirishda ishtirok etgan shaxs Bojxona qo‘mitasining To‘lovlar boshqarmasi xodimi bo‘lgan.
“Bojxona to‘lovlarini bo‘lib to‘lash yo‘nalishida bir amaliyot bor. Bunda sug‘urta kompaniyalaridan taqdim qilingan sug‘urta polisi asosida maʼlum muddatga bojxona to‘lovlarini kechiktirish uchun ruxsat beriladi. Mana shu jarayonda bojxona xodimi sug‘urta kompaniyasi bilan jinoiy til biriktirib, noqonuniy ravishda sug‘urta kompaniyasi manfaatini ko‘zlagan. Joylardan bu holat yuzasidan maʼlumot olingach, qo‘mita rahbariyati tekshiruv tayinladi. Aniqlanishicha, jinoiy guruh 145 milliard so‘mga yaqin sug‘urtalash orqali tushumlarni o‘zlashtirmoqchi bo‘lgan. Albatta, bunda xodimning ham aralashuvi bor. U xodimni 2-3 oy davomida kuzatdik. Hozirda uning harakatlarida jinoyat elementlari bo‘lgani uchun hibsga olingan. Besh qo‘l barobar emas ekan. Afsuski, shunday holatlar ham uchrab turibdi. Xodim jinoiy guruhlarga aralashgan. Bugungi kunda davlat manfaatlariga yetkazilmoqchi bo‘lgan 145 milliard so‘m zarardan 84 milliard so‘mi undirildi. Jinoiy guruhning 1-2 nafar aʼzosi chet elga qochib ketgan. Ularga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan. Holatga aralashgan har bir shaxs javob beradi”, — dedi qo‘mita rasmiysi.
Ilhom Muxtorovning qo‘shimcha qilishicha, hozirda tizimni raqamlashtirish ishlari jadal amalga oshirilmoqda. Bu orqali ko‘plab jinoyatlarning oldini olishga erishilyapti. Jumladan, Markazlashtirilgan masofaviy elektron deklaratsiyalash postida 116 nafar bojxona xodimlari tomonidan tadbirkorlar bilan bevosita muloqoti cheklangan holda tovarlar masofaviy rasmiylashtirilmoqda. Ushbu bojxona postida respublika bo‘yicha rasmiylashtirilayotgan jami deklaratsiyalarning 50 foizi (kuniga 3 mingta) qamrab olingan.
Izoh (0)