YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade o‘z missiyasini yakunlamoqda. Saida Mirziyoyeva 8-noyabr kuni u bilan uchrashib, BMT Bolalar jamg‘armasi bilan hamkorlikdagi qo‘shma loyihalar borishini atroflicha muhokama qildi.
“Biz 2021−2025-yillarga mo‘ljallangan mamlakat hamkorlik dasturini O‘zbekistonda amalga oshirish bo‘yicha jamg‘arma bilan hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarning borishini atroflicha muhokama qildik”, — deb yozdi o‘z sahifasida.
Qayd etilishicha, suhbat davomida bolalarni ijtimoiy himoya qilishni qo‘llab-quvvatlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash, ta’lim tizimini takomillashtirish, sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan munosabatlarni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Bundan bir kun avval TIV rahbari Baxtiyor Saidov ham Munir Mamedzade bilan uchrashgandi. Vazir Mamedzade va uning jamoasiga samarali faoliyat va O‘zbekistonda aholi uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish, ayniqsa, bolalar salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirgandi.
Munir Mamedzade YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari lavozimida ish faoliyatini 2020-yilning avgust oyida boshlagandi. U YUNISEFning Ozarbayjon, Moldova, Nepaldagi vakolatxonalarida, shuningdek Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasida ham ishlagan.
Izoh (0)