27-oktyabr kuni Latviyaning Riga shahrida O‘zbekiston faxriy konsulligining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ma’lum qilinishicha, Rigadagi O‘zbekiston Savdo uyi rahbari, Outdoor Media kompaniyasi asoschisi va direktori Vladimir Galperin O‘zbekiston faxriy konsuli etib tayinlandi. Bu O‘zbekistonning Baltiyadagi birinchi faxriy konsulligidir. Tantanali tadbirda unga tegishli konsullik patenti topshirildi.
Yangi faxriy konsul Latviyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashish, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, latviyalik sarmoyadorlar va sayyohlarni respublikaga jalb etish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Latviya va boshqa Baltiya davlatlari bozorlariga eksportini ko‘paytirish jarayonlarida faol ishtirok etadi.
Shuningdek, mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, madaniy-gumanitar va boshqa aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Hozirgi kunda xorijda O‘zbekistonning 30 ga yaqin faxriy konsulliklari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Izoh (0)