Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tomonidan avgust—sentyabr oylarida tijorat banklari muassasalarida nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Nazorat tadbirlarida tijorat banklarining joylardagi muassasalarida isteʼmolchilar bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda bank faoliyatiga qo‘yiladigan talablarga rioya etilishi, shu jumladan, terminallar orqali to‘lovlarning qabul qilinishi hamda bank xizmatlari to‘g‘risidagi axborotlarni isteʼmolchilarga to‘g‘ri va to‘liq taqdim etilishi holatlariga eʼtibor qaratilgan.
Xususan, o‘rganish davomida banklar tomonidan taklif etayotgan kredit va omonatlar haqidagi axborotlar isteʼmolchilarga qonunchilikda belgilangan tartibda oshkor qilinishi hamda bank kartalari orqali xizmatlar ko‘rsatilishi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani holatlari aniqlangan.
Ushbu holatlarga yo‘l qo‘ygani uchun “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunining 57-moddasiga muvofiq, 21 ta tijorat bankiga nisbatan chora qo‘llanilib, bunda 16 ta tijorat bankidan jarimalar undirilgan hamda 5 ta tijorat bankiga ogohlantirish berilgan.
“Isteʼmolchilar bank xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha oqilona qarorga kelishlari uchun tijorat banklaridan isteʼmolchilarga bank xizmatlari haqidagi maʼlumotlarni to‘liq oshkor qilishi va ularning shartlarini batafsil tushuntirishi lozimligi bildiriladi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda 26 ta bankdan 3,8 milliard so‘m miqdorida jarimalar undirilgan edi. Oktyabr boshlarida esa Markaziy bank “AVO bank” (sobiq “O‘zagroeksportbank”) depozit va kredit operatsiyalari to‘xtatilganini maʼlum qildi. Shuningdek, Markaziy bank 6 ta tijorat bankini ham jarimaga tortgan edi.
Izoh (0)