AQSH prezidenti Jo Bayden 18-oktyabr, chorshanba kuni Isroilga tashrif buyuradi, deb xabar bermoqda CBS AQSH davlat kotibi Entoni Blinkenga tayanib.
“Birinchidan, prezident AQSHning Isroil bilan birdamligini va uning xavfsizligiga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaydi. Ikkinchidan, prezident Bayden ushbu inqirozdan foydalanib Isroilga hujum qilmoqchi bo‘lgan har qanday davlat yoki nodavlat subyektlariga bunday qilmaslik haqida aniq xabarimizni yuboradi”, — dedi Blinken.
Tashrif davomida Baydenga Isroilning harbiy maqsadlari va strategiyasi haqida ma’lumot beriladi. Blinkenning qo‘shimcha qilishicha, AQSH prezidenti Isroil armiyasi harbiy amaliyot davomida “tinch aholi orasida qurbonlarni minimallashtirish va gumanitar yordamning HAMAS qo‘liga tushmasdan, G‘azo sektoridagi tinch aholiga yetib borishini” ta’minlash borasidagi rejalari bilan tanishmoqchi.
Avvalroq Blinken Yaqin Sharqqa safari doirasida Isroilga tashrif buyurgandi. U Isroildan tashqari Iordaniya, Qatar, Bahrayn, Misr, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘ldi.
AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ham Isroilga keldi. U hamkasbi Yoav Galant bilan uchrashdi. Pentagon rahbari uni Qo‘shma Shtatlar Isroilni kuchli qo‘llab-quvvatlashiga va Tel-Avivni “o‘zini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan hamma narsa bilan” taʼminlashiga ishontirdi.
Izoh (0)