Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ichki audit xizmati tomonidan Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutida budjet va budjetdan tashqari mablag‘lardan samarali hamda maqsadli foydalanganligi holati yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutida amalga oshirilgan mukammal ta’mirlash ishlarida jami 904,2 million so‘m, jumladan, 36 million so‘mlik bajarilmagan ishlarni hisobotlarga qo‘shib yozilgani hamda 868,2 million so‘mlik yetkazib berilmagan jihozlar kamomadi aniqlangan.
Hozirda o‘rganish natijalari yuzasidan to‘plangan barcha hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot organlariga yuborilgan.
Avvalroq Andijon davlat universitetida qariyb 40 milliard so‘m talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgandi. Undan oldin O‘zbekistonda 28 ta davlat organlari va tashkilotlarining 115 turdagi maʼlumotlar bazasidan real vaqt rejimida foydalanish tizimi yo‘lga qo‘yilib, yagona “Masofaviy nazorat” markazi tashkil etilgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.
Izoh (0)