AQSH sobiq davlat kotibi Xillari Klinton NATOning kengayishiga Rossiya prezidenti Vladimir Putin aybdor ekanini aytdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
“Afsuski, Vladimir. Bunga o‘zingiz sababchi bo‘ldingiz”, — dedi Klinton. U “hech kim NATOga kirishga majburlanmasligi” va har bir davlat mustaqil ravishda tegishli qaror qabul qilishini bildirdi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunga javob qaytardi.
“Prezident Putinning harakatlariga kelsak, Klinton xonimga NATO kengayishi va alyans harbiy infratuzilmasining chegaralarimizga yaqinlashishi, keyin Putinning G‘arb davlatlariga buni muhokama qilish, Rossiya tomonidan tayyorlangan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi ma’lum hujjatni imzolash taklifi, G‘arb davlatlari esa buni muhokama qilishdan qat’iy bosh tortganini eslatib o‘tish kerak. Shunda ‘maxsus harbiy operatsiyaga’ nima sabab bo‘lgani aniq bo‘ladi”, — dedi u.
Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga hujumi boshlanganidan so‘ng, yillar davomida neytral bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi. 2023-yil aprel oyida Finlyandiya ittifoqqa a’zo bo‘ldi va Rossiyaning NATO bilan quruqlikdagi chegarasi ikki baravar ko‘paydi.
Izoh (0)