Respublikada so‘nggi uch yilda tug‘ilgan 54 ming nafardan ortiq chaqaloqlar yolg‘iz ona arizasi asosida ro‘yxatga olingan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida maʼlum qilingan.
Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda mamlakatda faqatgina diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikohlar soni va buning ortidan ko‘p xotinlik holatlari ortib bormoqda.
“2022-yilda respublika bo‘yicha 18 ming 955 ta holatda tug‘ilgan chaqaloqlar yolg‘iz ona arizasi asosida qayd etilgan. 2021-yilda ushbu ko‘rsatkich 19 ming 37 tani, 2020-yilda 16 ming 564 tani tashkil qilgan”,—deyiladi palata axborot xizmati xabarida.
Deputatlar nikoh belgilangan tartibda FHDY organlarida qayd etilmagani otalikni belgilash, aliment tayinlash, meros masalalariga oid turli xil muammolarni keltirib chiqarib, natijada fuqarolarda, ayniqsa, ayollarda davlatning huquqiy siyosatiga nisbatan bo‘lgan ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘layotganini ham taʼkidlagan.
Statistika agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, 2022-yilda respublika bo‘yicha 932 ming 192 ta tirik tug‘ilish holatlari FHDY organlarida qayd etilgan. 2023-yilning 1-iyul holatiga O‘zbekiston aholisi soni 36,4 million kishini tashkil etmoqda. Shundan ayollar — 18,1 million nafar, erkaklar — 18,3 million nafar.
Izoh (0)