Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari faoliyatini baholash, toifalari (guruhlari)ni belgilash hamda rag‘batlantirish tartibi joriy etilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining “Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Hujjat bilan davlat teatrlari va konsert mauassasalari faoliyatini baholash reytingi belgilanmoqda. Eng yuqori baho — 100 ball. Reytingdan kelib chiqib ular toifa (guruh)larga taqsimlanadi.
Maʼlumot uchun, toifa (guruh)ga qarab xodimlarning bazaviy oylik maoshi miqdori belgilanadi.
Davlat teatrlari va konsert muassasalari uchun 8 ta mezon o‘rnatilmoqda, ular qatorida — yangi spektakllar soni, shaxsiy bino va texnikaning mavjudligi, veb-sahifani yuritilish holati va boshqalar (to‘liq ro‘yxat bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin).
Misol uchun, 100 ballni to‘plash uchun davlat teatri:
- yiliga kamida 4 ta yangi spektakl qo‘yishi;
- joriy repertuarda kamida 25 spektaklga ega bo‘lishi;
- bir yilda kamida 240 spektakl qo‘yishi;
- kamida 2 ta xalqaro va 6 ta respublika miqyosidagi gastrol tashkil etishi;
- zalni o‘rtacha kamida 70 nafar tomoshabin bilan to‘ldirish;
- muassasaning umumiy xarajatlariga daromadlar ulushi 15 foizni tashkil etishi;
- veb-sahifasining kamida 80 foizga yuritilishi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 26-avgustdan kuchga kirdi.
Fevral oyida O‘zbekistonda tibbiyot muassasalari faoliyati KPI tizimi asosida baholab borilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)