Isroil armiyasining aviazarbalari oqibatida Suriya shimolidagi Aleppo xalqaro aeroporti ishdan chiqdi. Bu haqda Suriya Mudofaa vazirligiga tayanib, Al-Ixbariya telekanali xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, tonggi soat 4:30 atrofida Isroil O‘rta Yer dengizidan Suriya aeroportiga zarba yo‘llagan, oqibatda uchish-qo‘nish yo‘lagi vayron qilingan va moddiy zarar yetkazilgan.
Aleppo aeroportida Nayrab harbiy aerodromi joylashgan.
Bu Isroilning Aleppo’ga birinchi zarbasi emas. So‘nggi hujum may oyi boshida sodir bo‘lgandi: o‘shanda bir askar halok bo‘lgan, yetti kishi yaralangan, ulardan ikki nafari tinch aholi vakillari edi.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, yerusti transportidagi uzilishlardan keyin Eron Suriya, Livan davlatlariga va “Hizbulloh” tashkilotiga qurol yetkazib berish uchun havo yo‘llaridan tobora ko‘proq foydalanmoqda. Agentlikning Eron, Suriya, Isroil va G‘arb rasmiylari orasidagi suhbatdoshlari Eron shu yilning bahorida zilzila qurbonlariga gumanitar yordam niqobi ostida Suriyaga qurol yetkazib berganini aytdi. Tehron bu maʼlumotni rasman rad etdi.
Qayd etilishicha, 2023-yil boshidan beri Isroil Suriya hududiga 22 marta zarba bergan.
Izoh (0)