“Davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklarini isloh qilish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Norma.
Hujjat bilan prezidentning 2023-yil 1-martdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ilovasida ko‘rsatilgan davlat ishtirokidagi yirik korxonalar va tijorat banklari ustav kapitalidagi davlat aksiya (ulushlari) paketlari Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkaziladi.
Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ularni isloh qilish vakolatlari va vazifalari yuklatildi.
Belgilanishicha, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli aksiyalar bo‘yicha barcha aksiyadorlik masalalari yuzasidan qarorlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mustaqil qabul qilinadi.
Tashkilotlarning ustav kapitalidagi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli aksiya paketlari (ulushlari) bo‘yicha dividendlar hamda ushbu aksiya paketlari sotilishidan tushadigan mablag‘lar mazkur jamg‘armaga o‘tkaziladi.
Bir oy muddatda UzAssets investitsiya kompaniyasi tashkiliy tuzilmasi va ichki korporativ hujjatlarini, ijroiya organi va kuzatuv kengashi tarkibini qayta tasdiqlash rejalashtirilmoqda.
Hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 21-avgustdan kuchga kirgan.
Bundan oldin O‘zbekistondagi to‘rtta aeroport boshqaruvi xususiy sektorga topshirilishi, “Foton” zavodini xususiylashtirish jarayoni boshlangani, O‘zbekistonda 3 ta davlat banki qoladi, qolganlari xususiylashtirilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)