Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Ohangaron tumani inspektori A. Mirzaahmedovga xizmat vaqtida tan jarohati yetkazildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Voqea 10-avgust kuni yuz bergan. Ma’lum bo‘lishicha, inspektor somondan bo‘shagan yer maydonlari yoqib yuborilgani holatini o‘rganish maqsadida Ohangaron tumanidagi “Oybuloq” va “Ubay” MFY hududida joylashgan “Taraqqiyot Baxtiyor” fermer xo‘jaligiga borgan. O‘rganish davomida esa bir guruh shaxslar unga qarshilik ko‘rsatib, kuch ishlatgan va tan jarohati yetkazgan.
Inspektor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Inspektorga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Hozirda uning ahvoli yaxshi deb baholanmoqda. Ish yuzasidan to‘plangan hujjatlar aybdorlarni aniqlash va chora ko‘rish maqsadida prokuratura organlariga yuborildi.
Izoh (0)