Toshkent shahri va Andijon viloyatida kredit mablag‘larni o‘zlashtirgan MCHJ rahbarlari aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Oltinko‘l tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “Q.a.” MCHJ rahbari D.A. va boshqalar hududiy tijorat banki filialidan “X.” MFYda yashovchi 60 nafar aholi xonadoniga issiqxona qurish uchun ajratilgan 2 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali boshqa maqsadlar uchun sarflab, talon-taroj qilgani aniqlangan.
Shu kabi, departamentning Mirobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “K.G.” va “S.Y.” MCHJ masʼul shaxslari va boshqalar hujjatlarni qalbakilashtirish yo‘li bilan AITB “Ipak yo‘li” Mirobod filiali hamda ATB “InfinBANK” Uchtepa filialidan aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun jami 900 million so‘m kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilib, bank manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Kredit mablag‘larining o‘zlashtirilishi
Fevral oxirlarida Surxondaryo viloyatining Oltinsoy va Termiz tumanlarida 11 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan MCHJ rahbarlari aniqlangandi. May oyida esa Surxondaryo va Farg‘onada oilaviy korxonalar rahbarlari 1,2 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlarni talon-toroj qilgani to‘g‘risida xabar berilgan edi. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda davlat dasturi doirasida ajratilgan kredit mablag‘lari talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgandi.
Izoh (0)