Lazur qirg‘og‘i universiteti olimlari GPS signallaridagi kichik o‘zgarishlar katta zilzilalar yuz berishidan taxminan ikki soat oldin prognoz qilishda yordam berishini aniqladi. Bu haqda Futurism xabar berdi.
Mutaxassislarga ko‘ra, buning yordamida ko‘plab odamlarning hayotini saqlab qolish mumkin. Olimlar jamoasi yetti va undan ortiq magnitudali 90 ta yirik zilziladan olingan GPS ma’lumotlarini tahlil qildi va oldingi fazaning dalillarini topdi. Bu davrda tektonik plitalarning yoriq chiziqlari siljiy boshlaydi, oqibatda kuchli zilzilalar yuzaga keladi.
Qayd etilishicha, kuchli zilzilalarni aniq bashorat qilishga boshqa urinishlar ham bo‘lgan, ammo ular muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Bu ko‘p jihatdan olimlarning ushbu signallar va haqiqiy seysmik faollik o‘rtasidagi bog‘liqlikni to‘liq tushunmagani bilan bog‘liq. Kaliforniya universiteti seysmologi Roland Byurgmanning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tadqiqotga ishonch hosil qilish uchun yana kuzatuv olib borish kerak.
Izoh (0)