“Tottenhem” hujumchisi Harri Keyn faoliyatini “Manchester Yunayted”da davom ettirishni xohlamoqda.
Daily Mail nashrining xabariga ko‘ra, “Tottenhem” prezidenti Deniel Levi moliyaviy talablarni pasaytirsa, mankunianliklar muzokaralarga kirishadi deb o‘ylamoqda. “Shporlar” 2024-yilda shartnomasi o‘z nihoyasiga yetadigan Keyn uchun 100 million funt talab qilmoqda.
“Yunayted” esa 30 yoshli va shartnomasi tugashiga bir yil qolgan futbolchi uchun 100 million to‘lamasligini ma’lum qilgan. Hozirda manchesterliklar Harri transferidan tashqari “Atalanta” a’zosi Rasmus Heylund transferi bilan ham ishlamoqda.
Agarda “Tottenhem” narxni 80 millionga tushirsagina Manchester klubi rahbariyati muzokaralar stoliga o‘tiradi. “Manchester Yunayted” bosh murabbiyi Erik ten Hag shaxsan o‘zi Keynni jamoada ko‘rishni istaydi.
Harri uchun yana bir variant “Chelsi” jamoasi bo‘lib turibdi. “Aristokratlar” bosh murabbiyi Maurisio Pochettino ham Keyn bilan “Tottenhem”da birga ishlagan. Lekin Levi futbolchini Londonning boshqa klubiga o‘tishiga rozi bo‘lmaydi.
“Real”, “PSJ” va “Bavariya” kabi jamoalar qiziqish bildirayotganiga qaramay, Keyn “Manchester Yunayted” variantini ma’qul ko‘rmoqda.
Harri Keyn joriy mavsum “Tottenhem” safida barcha musobaqalarda 49 ta o‘yinda ishtirok etib, 32 ta gol va 5 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Izoh (0)