Yevropaning Airbus samolyot ishlab chiqaruvchisi 19-iyun, dushanba kuni Fransiya poytaxti chekkasi Le Burjyeda bo‘lib o‘tgan Parij aerokosmik ko‘rgazmasining birinchi kunida Hindistonning Indigo aviatashuvchisi bilan 500 ta A320neo modelidagi samolyotni sotish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Airbus sotuv bo‘limi rahbari Kristian Shererning so‘zlariga ko‘ra, bu havo qatnovi tarixidagi eng yirik buyurtma bo‘ldi.
2019-yilda Hindistonning Indigo loukosteri Airbus’dan xuddi shu rusumdagi 300 ta samolyotga buyurtma bergan edi. Umuman olganda, aviakompaniya Yevropa kompaniyasidan 1000 ga yaqin samolyot sotib olmoqchi, shulardan 480 tasini — joriy yil oxirigacha. 19-iyunda buyurtma qilingan texnikalarni yetkazib berish 2030-yilga kelibgina boshlanadi. Airbus va Indigo shartnoma summasini oshkor qilmadi.
Le Burjyedagi 54-ko‘rgazmasi COVID-19 pandemiyasi sabab to‘rt yillik tanaffusdan keyin birinchi ko‘rgazma bo‘ldi. Rossiya bu yil unda ishtirok etmaydi. Aviashouning harbiy eksponatlari orasida Germaniya, Fransiya va Ispaniya tomonidan yaratilgan Future Combat Air System (SCAF) qiruvchi samolyoti ham bor.
Izoh (0)