Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘quvchi qizning “samosud” qilingani aks etgan videoga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, videodagi holat 8-may kuni Payariq tumanidagi 58-umumiy o‘rta taʼlim maktabida sodir bo‘lgan. Maktabning 11 “B”-sinf o‘quvchilari R.N. va F.D. soat 09:55 da, tanaffus vaqtida o‘zaro tortishib qolishi natijasida R.N. dugonasi D.F.ni turli xil so‘zlar bilan haqoratlagan va urgan.
Holat tuman maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan.
Olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, o‘quvchilarni dars mashg‘ulotlarida nazoratsiz qoldirgani, o‘z lavozim majburiyatlarini to‘liq bajarmasdan sustkashlikka va masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘yganliklari uchun 58-umumiy o‘rta taʼlim maktabining fizika fani o‘qituvchisi M.A.ga, 11“B”-sinf rahbari N.G‘., maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari X.A. va maktab psixologi N.A.ga nisbatan Mehnat kodeksining tegishli moddasiga asosan, “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Payariq tumani IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Samosud” holatlari
Aprel oxirlarida O‘zbekistonda narkozakladchiklarni jazolash bilan shug‘ullanib kelgan 20 kishi qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Namanganda 21 yoshli yigit o‘zidan kichik bolalar tomonidan “samosud” qilingani, Rossiyada tanishining qulog‘ini kesib tashlagan o‘zbekistonlik erkakka hukm o‘qilgani, Buxorodagi tungi klubda erkak 2 kishini kaltaklagani ma’lum bo‘lgan edi.
Izoh (0)