Toshkent shahar Bektemir tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, deb xabar beradi poytaxt IIBB axborot xizmati.
Qayd etilishicha, 10-aprel kuni soat 07:30 da tumanning Oltintopgan ko‘chasida 35 yoshli N.R. Spark rusumli avtomashinani ishonchnoma orqali boshqarib ketayotib, oraliq masofani saqlamay, yo‘l chetida to‘xtab turgan 28 yoshli J.G‘.ga tegishli Spark bilan to‘qnashib ketgan. Shundan so‘ng avtomobil boshqaruvni yo‘qotib yo‘l chetida harakatlanib ketayotgan piyodani urib yuborgan.
Oqibatda 40 yoshli piyoda G.D. turli xil tan jarohatlari, 2-darajali koma holati tashxisi bilan kasalxonaga olib borilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay 11-aprel kuni soat 02:15 da vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida “Jiguli” yo‘l chetidagi ikki kishini urib yuborgani va piyodalar vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida ham 2 piyoda o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lgan edi.
Izoh (0)