Rossiyaning “Azimut” aviakompaniyasi Sochi—Urganch yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 29-mart kuni aviakompaniya samolyoti mahalliy vaqt bilan Sochi—Urganch—Sochi yo‘nalishi bo‘yicha birinchi muntazam reysni amalga oshirgan. An’anaga muvofiq, ichida 61 yo‘lovchi bo‘lgan Sukhoi Superjet 95 samolyoti suvli arka bilan tantanali kutib olingan.
Rejaga ko‘ra, Sochidan “Urganch” xalqaro aeroportiga reyslar haftasiga bir marotaga — chorshanba kunlari amalga oshiriladi.
Ta’kidlash kerakki, “Azimut” aviakompaniyasi Urganchdan Rossiyaning boshqa shaharlariga — Moskva va Mineralnie Vodiga ham reyslarni yo‘lga qo‘ygan.
Shuningdek, Rossiya aviatashuvchisi 27-martdan boshlab Mineralnie Vodi—Samarqand—Mineralnie Vodi yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar chastotasini oshirgan. Aviareyslar haftasiga ikki marotaba — seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi. Oldinlari parvozlar faqat seshanba kunlari edi.
Avvalroq Toshkentdan Tokioga aviaqatnovlar qayta tiklanishi, Polshadan O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi, Uzbekistan Airways London, Frankfurt va Riga shaharlariga qatnovlar sonini oshirishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)