Tojikiston atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodur Sheralizoda so‘nggi yillarda respublikada muzliklar qisqarganini aytdi. Bu haqda Sputnik Tojikiston xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, muzliklarning erishiga iqlim o‘zgarishi, ayniqsa, issiqlik ta’sir o‘tkazmoqda.
“Masalan, Zarafshon daryosi havzasida uzoq yillik kuzatuvlarga ko‘ra, muzliklarning erishi tezlashmoqda. Zarafshon meteorologiya stansiyasi kuzatuvlariga ko‘ra, ularning muzliklari tez erishga moyilroq”, — dedi Sheralizoda va har yili muz maydoni 1,3 kvadrat kilometrgacha qisqarishini aytdi.
Tojikistonda muzliklar mamlakat hududining 6 foizini egallaydi. Aynan ular deyarli butun Markaziy Osiyoni chuchuk suv bilan ta’minlaydi. Muzliklar Tojikiston tog‘larida joylashgan. Ularning umumiy maydoni 8476 kvadrat kilometrdan oshadi.
Sheralizodaga ko‘ra, atmosferaga issiqxona gazlari minimal miqdorda chiqayotganiga qaramay, Tojikiston iqlim o‘zgarishi ta’siriga eng zaif davlatlardan biri hisoblanadi.
Izoh (0)