Rossiyalik milliarderlar Mixail Fridman va Pyotr Aven Alfa Bank’dagi aksiyalarini biznes sherigi Andrey Kosogovga 2,3 milliard dollarga (178 milliard rubl) sotishga tayyor. Ular shu tariqa G‘arb sanksiyalarini olib tashlashga erishmoqchi. Bu haqda Financial Times (FT) kelishuv shartlari bilan tanish bo‘lgan to‘rt nafar suhbatdoshiga tayanib xabar berdi.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘arb sanksiyalari ostida qolmagan Andrey Kosogov allaqachon kredit muassasasi aksiyalarini olishga rozi bo'lgan. 2022-yil mart oyidan beri tadbirkor ABH Holdings orqali Alfa Bankning 40,96 foiz ulushiga egalik qiladi — u tashkilotning eng yirik benefitsiari hisoblanadi. Petr Aven 12,4 foiz, Mixail Fridman 32,9 foiz ulushga egalik qiladi.
Kelishuv shu yilning bahorida yopilishi mumkin. Uni amalga oshirish uchun tartibga soluvchi organlar, Rossiya banki, shuningdek, AQSH va Yevropa Ittifoqi (EI) sanksiyalarini tartibga soluvchi organlarning roziligi talab qilinadi.
Nashrning yozishicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush boshlanishidan avval bankning qiymati 10,6 milliard dollarga baholangan. Forbes Petr Avenning boyligini 4,2 milliard dollarga, Mixail Fridmanning boyligini esa 12,4 milliard dollarga baholagan.
Yevropa Ittifoqi ishbilarmonlarga 2022-yil 28-fevralda, Buyuk Britaniya esa 15-martda sanksiyalar kiritgan.
Mart oyida biznes vakillari Alfa Bank direktorlar kengashini tark etgandi. Keyinroq ular Lyuksemburgdagi Yevropa sudiga sanksiyalarni bekor qilishni talab qilib, YI Kengashiga qarshi da’vo arizalari bilan murojaat qilgan.
Izoh (0)