Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Humo” majmuasida Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Ushbu tadbirga shahar-tumanlardan boquvchisini yo‘qotgan va turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan xotin-qizlar taklif etildi. Ulardan 110 nafariga uy-joy uchun sertifikatlar topshirildi.
Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzaqovning aytishicha, Namanganda 1500 nafarga yaqin uy-joyga muhtoj ayollar bo‘lib, bugungi kungacha ulardan 859 nafari boshpana bilan taʼminlangan. Jumladan, 24 nafariga boshlang‘ich badal to‘lab berilgan, 238 nafari ijtimoiy uylarga joylashtirilgan, 89 nafari mahalliy hokimliklar va homiylar tomonidan uy-joy bilan taʼminlangan, 508 nafariga esa subsidiya ajratilgan.
“Bunga qo‘shimcha tariqasida 200 dan ortiq ayolning ijara uylari uchun kompensatsiya to‘lab berildi, 621 nafar xotin-qizlarning xonadonlari taʼmirlab berildi. Biz turmush sharoiti og‘ir va uy-joyga muhtoj opa-singillarimizning shu tariqa qo‘llab-quvvatlashni yana davom ettiramiz”, — dedi Shavkat Abdurazzaqov.
Izoh (0)