Amerikalik milliarder Ilon Mask SpaceX kompaniyasi Turkiyaga zilziladan keyin yordam ko‘rsatish uchun Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimi terminallarini yuborishga tayyorligini ma’lum qildi.
Bu haqda milliarder Twitter’dagi sahifasida yozdi. Uning tushuntirishicha, Starlink hozircha Turkiya hukumatidan terminallar yuborishga ruxsat olmagan.
“SpaceX ruxsat olishi bilanoq terminallarni jo‘natishga tayyor”, — dedi Mask tvitida.
Starlink is not approved by Turkish government yet. SpaceX can send as soon as approved.
— Elon Musk (@elonmusk) February 6, 2023
6-fevral kuni ertalab Turkiyaning janubi-sharqida Suriya bilan chegara yaqinida kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Turli xabarlarga ko‘ra, Turkiyada 76 kishidan ortiq, qo‘shni Suriyada esa 100 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Qurbonlar soni oshmoqda. Mingga yaqin odam yaralangan, ko‘plab uylar to‘liq yoki qisman qulagan.
Avvalroq Nigeriya Afrika davlatlaridan birinchi bo‘lib Starlink tizimlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgandi.
Starlink — dunyo aholisini keng ko‘lamda internet bilan ta’minlashga qaratilgan yangi avlod sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i. Loyihani amalga oshirish 2018-yil fevral oyida boshlangan. Uning maqsadi dunyoning istalgan nuqtasida yuqori tezlikdagi internetga kirishni ta’minlash. Umuman olganda, tarmoqni yaratishning birinchi bosqichida 12 mingga yaqin sunʼiy yoʻldoshni uchirish rejalashtirilgan.
Izoh (0)