G‘arb sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotiga putur yetkazmadi. Ammo cheklovlar ko‘pchilikning mamlakatdan chiqib ketishiga qaramay, yosh rossiyalik tadbirkorlarga ketgan brendlar va tovarlarni muvaffaqiyatli almashtirish imkoniyatini berdi. Bu haqda Bloomberg ma’lumot berdi.
Agentlik joriy davrni 1990-yillardagi “esdalik” bilan qiyoslaydi. O‘sha vaqtda SSSR parchalanishi ta’minot zanjirlarida bo‘shliqlar qoldirib, iste’molchilar va korxonalarni ularni to‘ldirishning ijodiy yo‘llarini topishga majbur qilgan.
Ta’kidlashicha, ko‘plab G‘arb brendlari ketganidan so‘ng, rossiyalik tadbirkorlar o‘z bizneslarini sotib oldi yoki shunga o‘xshash muvaffaqiyatli analoglarni yaratdi.
Masalan, Krispy Kreme donutlari endi Krunchy Dream, Starbucks — Stars Coffee va Pizza Hut — Pizza H.
Bundan tashqari, rossiyaliklar G‘arbdan ilgari yetkazib berilgan tovarlarni almashtirib, yangi logistika yo‘nalishlarini kashf qilmoqda.
Bunga Bloomberg 37 yoshli moskvalik Viktoriya Shelanovani misol qilib keltirdi. Uning singlisi G‘arb sanksiyalari kiritilgandan so‘ng veykbording uchun kerakli jihozlarni topa olmagan.
Bu qizlarni Xitoydan ishlab chiqaruvchilarni izlashga undadi. Ular tez orada bir necha yirik Amerika kompaniyalari uchun sport anjomlarini ishlab chiqargan zavod bilan kelishuvga erishdi.
Bloomberg’ning qayd etishicha, Yevropa Ittifoqi qiymati 300 yevrodan ortiq bo‘lgan hashamatli tovarlarni eksport qilishni taqiqlaganidan so‘ng, Rossiyada dizaynerlik kiyimlari va aksessuarlari bozori “gullab-yashnamoqda”. 2021-yilda rossiyaliklar taxminan 7 milliard yevroga shaxsiy hashamatli buyumlarni sotib olgan, bu jahon bozorining 3 foizini tashkil etadi.
Bloomberg, shuningdek, “do‘st mamlakatlar”da bo‘lganida Rossiya bilan muvaffaqiyatli ish olib borgan rossiyalik muhojirlar haqida yozadi. Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan rossiyalik tadbirkorlardan biri agentlikka qanday qilib Rossiya oltinini Dubayga import qiluvchi biznesni yo‘lga qo‘ygani haqida gapirib berdi.
Bunda u 40 foiz foyda olib, tushgan mablag‘ni avtomobil qismlari yoki boshqa jihozlarni sotib olishga sarflaydi va keyinchalik Rossiyaga eksport qiladi.
“Parallel importning ba’zi G‘arb uskunalarini almashtirishdagi muvaffaqiyatiga qaramay, bu sanksiyalar zarar qilmaydi degani emas”, — deb yozadi Bloomberg.
Ekspertlarning fikricha, Rossiya iqtisodiyoti savdo va kapital oqimidagi to‘siqlar raqobatni bo‘g‘ib, samarasizlikni oshirganligi sababli sekinlashishda davom etadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan yili Rossiya iqtisodiyoti 2,7 foizga qisqargan, 2023-yilda esa yana 2,5 foizga qisqaradi.
Izoh (0)