Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko maxsus xizmatlarga, xususan, Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasiga ishonchsizlik tufayli yangi qo‘riqchilar bo‘linmasini tuzdi. Bu haqda Ukraina Milliy qarshilik markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Lukashenko Belarus maxsus xizmatlariga ishonchsizlik tufayli shaxsiy qo‘riqchilarini kuchaytirmoqda.
“Belarus prezidentini unga suiqasd qilinishi haqidagi ma’lumotlar fonida o‘zining maxsus xizmatlarini davlatga xiyonat qilishda gumon qilmoqda. Gap Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasi haqida bormoqda. Shu bois Lukashenko mamlakatdagi xususiy qo‘riqlash shirkati vakillaridan iborat yangi shaxsiy qo‘riqchilar bo‘linmasini tuzdi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Belarusda prezidentlikka sobiq nomzod Andrey Dmitriyev hibsga olingani haqida xabar berilgandi. Uning hibsga olinishi sababi noma’lumligicha qolmoqda, Dmitriyevning o‘zi telefonga javob bermayapti.
Dmitriyev 2020-yilgi prezidentlik saylovlarida Belarusning amaldagi prezidenti Aleksandr Lukashenkoning to‘rt nafar raqibidan biri edi. Mamlakat Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, u 1,2 foiz ovoz olgan. Saylov kampaniyasi davomida u muxolifatchilarni yoqlab chiqqan.
Izoh (0)