Kecha, 20-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatidan so‘ng Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov jurnalistlarga intervyu berdi.
Abduqodir Toshqulovning aytishicha, oliy ta’lim korrupsiyadan xoli bo‘lgan sohalardan biriga aylandi.
“Muhtaram prezidentimiz ta’limni umummilliy harakatga aylantirib bo‘ldilar. Ta’lim bilan faqat ta’lim tizimi va vazirliklari emas, hamma, jamoatchilik, mana siz ham (jurnalistga qarab — tahr.) darsga kirib o‘tirishga haqqingiz bor. Marhamat, kiring, 80 daqiqa darsni tahlil qilib, OAVda yoriting. O‘ylaymanki, hamma poydevorlar va sharoitlar qilingan. Bu soha (ta’lim) korrupsiyadan holi bo‘lgan, faqat endi hamma birdek ishlashi kerak”, — dedi vazir.
Avvalroq Toshqulov oliy ta’limda korrupsiya mavjud degan tushuncha nafaqat jamiyat va xalqda, balki aksariyat rahbariyatda ham borligini ta’kidlagan.
“Oliy ta’limda korrupsiya mavjud degan tushuncha nafaqat jamiyat va xalqda, balki aksariyat rahbariyatda ham bor. Lekin men shu tizimdagi rahbar sifatida aytamanki, (korrupsiya — tahr.) barobarlarga kamayib ketdi. Ming afsus, endi atrofda firibgarlar ko‘paydi. Mana, shu yerga kelguncha matbuot xizmati rahbari menga beshta holat tashlab berdi. Qashqadaryoda umuman universitetga aloqasi yo‘q odam o‘qishingni ko‘chirib beraman, deb 3 mingdan 6 ming dollargacha pora olgan, vodiyda pora olgan. Eng muhimi, keyingi vaqtlar o‘qituvchilar emas, kotiba, yordamchi, laborant, talaba bu ishga aralashib ketyapti. Shuning uchun sizdan iltimos, bu kimgadir borib taqalmasa, ular bunday qilmaydi, ularning hammasiyam firibgar emas, o‘zingizni yig‘ishtirib oling”, — degan vazir.
Shuningdek, u so‘rovlarda 65 foiz odam oliy ta’limga ishonmasligi aniqlangani va ushbu ko‘rsatkich nolga teng bo‘lishi kerakligini aytgan.
Izoh (0)