Xalqaro professional futbolchilar assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFPro) eronlik futbolchining o‘lim jazosiga hukm qilingani haqidagi ma’lumotga izoh berdi.
Eronning “Traktor Tabriz” klubi sobiq himoyachisi Amir Nasr-Ozodaniy noyabr oyi oxirida hibsga olingani, keyinroq uning ismi o‘limga hukm qilinganlar ro‘yxatida paydo bo‘lgani xabar qilingandi.
Eronda ommaviy norozilik namoyishlari bo’lib o‘tdi. Bunga Mahsa Aminiyning sentabr oyida “hijobni noto‘g‘ri o‘ragani” uchun hibsga olinib, bir muddat politsiya bo‘limida bo‘lganidan so‘ng vafot etgani sabab bo‘lgandi.
“FIFPro Eron o‘z mamlakatida ayollar huquqlari va ularning erkinliklarini qo‘llab-quvvatlagan namoyishchilarni qatl qilayotgani haqidagi xabarlardan hayratda va g‘azabda.
Biz Amir bilan birgamiz va unga berilgan jazoni zudlik bilan olib tashlanishini talab qilamiz”, — deyiladi Xalqaro professional futbolchilar assotsiatsiyalari federatsiyasi yozgan izohida.
Izoh (0)