Associated Press agentligi Polshaga qulagan raketa haqidagi noto‘g‘ri ma’lumot uchun jurnalist Jeyms Laportani ishdan bo‘shatdi. Bu haqda The Washington Post nashri AP tahririyatidagi manbalarga tayanib xabar bermoqda.
“AQSH razvedka xizmatining yuqori martabali mulozimi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya raketalari NATOga a’zo Polsha chegarasini kesib o‘tgan, oqibatda ikki kishi halok bo‘lgan”, — deyilgan edi Laporta tayyorlagan xabarda.
Jurnalist tahririyatda o‘tkazilgan tergovdan so‘ng ishdan olingan, deb yozmoqda WP. Tergovda ma’lum bo‘lishicha, jurnalist AQSH razvedkasidagi anonim manbadan olgan ma’lumotini ikkinchi mustaqil manba bilan solishtirmasdan, materialni nashr etishga tahririyatni ko‘ndirgan. U mazkur xabarning nashr etilishi go‘yoki muharrir tomonidan tasdiqlanganini bahona qilgan.
AP voqeaga izoh berishdan bosh tortdi. Agentlik matbuot kotibi Loren Istonning ta’kidlashicha, AP nashr etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligiga juda jiddiy yondashadi va tahririyatda bu borada qattiq standartlar mavjud. “Ushbu standartlar buzilganda, biz yangiliklarning ishonchliligini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishga majbur bo‘lamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Raketa Polsha hududiga 15-noyabr kuni, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga yirik zarba yo‘llagan vaqtda tushgan. Dastlab, raketa Rossiya tomonidan uchirilgan deb taxmin qilindi, ammo tez orada G‘arb davlatlari bu Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldi. Ukraina Qurolli kuchlari uni Rossiya raketalarini urib tushirish uchun uchirgani taxmin qilinmoqda.
G‘arb davlatlari esa raketaning qulashi uchun javobgarlik baribir Rossiya zimmasida, deb hisoblamoqda, chunki Ukrainadagi urushni aynan u boshlagan. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, agar “orqaga qaralsa, hamma narsaning bosh sababchisi AQSH va NATO bo‘lib chiqadi”.
Ukraina Qurolli kuchlarining Harbiy-havo kuchlari vakili Yuriy Ignatning so‘zlariga ko‘ra, 15-noyabr kuni Rossiya harbiylari Ukraina hududida 100 ga yaqin X-101 va X-555 raketalarini uchirgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bo‘lsa Rossiya 85 ta raketa uchirganini aytdi. Ukraina energetika vaziri German Galushenkoning ta’kidlashicha, bu urush boshlanganidan beri mamlakat energetika inshootlariga qilingan eng yirik zarba bo‘ldi.
Izoh (0)