Toshkent shahri Shayxontohur tumanida kir yuvish kukunlarini qo‘lbola usulda tayyorlab sotish holati fosh etildi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Shayxontohur tumani bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqarolar E.N., N.O. va boshqalar Ko‘kcha darvoza ko‘chasida qo‘lbola usulda qadoqlangan jami 1 551 dona “Mif”, Persil, Ariel, Tide nomli savdo belgilaridan foydalangan holda ushbu nomlar bilan qadoqlangan kontrafakt kir yuvish kukunlarini 2 600 dollar va 425 ming so‘mga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 149-moddasi (mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish) va 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Mavzuga doir:
Izoh (0)