O‘zbekistonda issiqxona majmualarining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun qo‘shimcha 500 mln kub tabiiy gaz yetkazib beriladi. Bu haqda “Hududgazta’minot” matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, issiqxona majmualarining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun “O‘zGazTreyd” tomonidan joriy mavsumda issiqxona xo‘jaliklarining talabidan kelib chiqqan holda “Hududgazta’minot”ga 500 million kub metr tabiiy gaz qo‘shimcha yetkazib beriladi. 68 ta issiqxonada tayyorgarlik ishlari bo‘layotgani sababli bugungi kunda gaz ta’minotiga ehtiyoji yo‘qligi bildirilgan.
Kuz-qish mavsumida tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida O‘zbekistonning barcha hududlarida 244 ta ixtisoslashtirilgan avariya-dispetcherlik brigadalari tashkil etilib, malakali mutaxassislar, asbob-uskunalar va maxsus texnikalar safarbar etilgan.
Issiqxonalarni gaz ta’minotidan uzish holati bo‘yicha tadbirkorlarning noroziligidan xabar topgan Shavkat Mirziyoyev zudlik bilan mazkur masalani ko‘rib chiqish uchun Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqovga tegishli topshiriq bergandi. Xususan, Energetika vazirligiga gaz ta’minotidan uzilgan barcha issiqxonalarni 1 kun ichida gaz bilan qayta ta’minlash vazifasi topshirilgan.
Issiqxonalarni muqobil energiya (ko‘mir)ga o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
Izoh (0)