Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel 27-oktabr kuni O‘zbekistonga keldi.
U Qozog‘iston prezidenti taklifiga binoan Ostonada 26—27-oktabr kunlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchrashuvida ishtirok etgandi. Uchrashuv tugagach O‘zbekistonga yo‘l oldi.
28-oktabrda u Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazadi. Mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan ikki va ko‘p tomonlama hamkorligiga oid masalalarning keng doirasi ko‘rib chiqiladi.
Oliy martabali mehmon Samarqand shahriga ham tashrif buyuradi.
Ma’lumot uchun, Sharl Mishel Belgiya va Yevropa davlat va siyosat arbobi. 2019-yil 1-dekabrdan Yevropa kengashi raisi. U 2014—2019-yillarda Belgiya bosh vaziri bo‘lgan.
O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari 1992-yil 15-aprelda O‘zbekiston hukumati va Yevropa hamjamiyatlari komissiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumining imzolanishi bilan boshlangan. 1996-yil iyunida Florensiyada Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim davlat rahbarlari darajasida imzolangan.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi amaldagi bitim 2022-yilning 6-iyulida imzolangan.
Izoh (0)