O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida 20-oktabr kuni DP World kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Qayd etilishicha, unda kompaniyaning mamlakatdagi infratuzilmaviy rivojlanish, logistika va elektron tijorat sohasidagi bir qator investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etish istiqbollari ko‘rib chiqilgan.
Ma’lumot uchun, DP World dunyodagi eng yirik port operatorlaridan biri bo‘lib, 2005-yilda Dubai Ports Authority va Dubai Ports International birlashishi natijasida tashkil etilgan. Kompaniya 78 ta dengiz va ichki terminallarga ega. Ular kompaniyaning oltita qit’adagi 40 mamlakatda joylashgan 50 dan ortiq korxonalari tomonidan boshqariladi. Kompaniya asosan rivojlanayotgan va rivojlangan bozorlarda faoliyat yuritadi. Uning tarkibiga portlar va terminallar, sanoat parklari, logistika va iqtisodiy zonalar, yaxtalar to‘xtaydigan joylar kiradi.
Muzokaralar davomida kompaniya vakillari O‘zbekistonning investitsiyaviy muhiti, xorijiy investorlar uchun joriy qilingan imtiyoz va preferensiyalar hamda ularning faoliyati kafolatining me’yoriy-huquqiy bazasi bilan batafsil tanishgan. Transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatish, jumladan, transport-logistika markazlarini yaratish va logistika jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish, shuningdek, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar O‘zbekistonda kompaniyaning samarali faoliyati uchun ustuvor yo‘nalishlar sifatida ko‘rib chiqilgan.
Muzokaralar yakunida kompaniya vakillari Toshkent viloyatida zamonaviy logistika markazini qurishga qiziqish bildirgan. O‘z navbatida, vazirlik rahbariyati qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini tasdiqlagan.
Izoh (0)