Toshkent viloyatida 1,4 million dollar evaziga 16 gektar yer olib bermoqchi bo‘lgan uch kishi qo‘lga tushdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda Ohangaron shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida Toshkent shahrida yashovchi, 1955, 1976 va 1979-yillarda tug‘ilgan uch nafar shaxs mahalliy tadbirkordan firibgarlik yo‘li bilan 300 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Aniqlanishicha, ular tadbirkorning ishonchiga kirib, Ohangaron tumanida joylashgan “Angren” erkin iqtisodiy zonasi hududidan 16 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali, u rahbarlik qilayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyat nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 1,4 million dollar talab qilishgan va 300 ming dollarni oldindan berishi kerakligini aytgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)