Dunyo haqiqatda ko‘p qutbli bo‘lib bormoqda, “yangi kuch markazlari mustahkamlanayotgan” Osiyo esa bunday dunyoviy tartibga o‘tishda ahamiyatli rol o‘ynamoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ostonada bo‘lib o‘tayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari kengashi (OHICHK) sammitida aytib o‘tdi, deb yozadi “RBK”.
Putin qayd etishicha, uchrashuv global siyosat va iqtisodiyotdagi jiddiy o‘zgarishlar fonida bo‘lib o‘tmoqda. “Osiyo mintaqasi mamlakatlari jahon iqtisodiy taraqqiyoti lokomotivi hisoblanadi… Biz Osiyoning rivojlanishi va gullab-yashnashi hamda ushbu maqsadlarda o‘zaro manfaatli savdo va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha keng va ochiq makon yaratilishi tarafdorimiz”, — dedi u.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya xalqaro huquq tamoyillariga asoslangan teng va bo‘linmas xavfsizlik tizimlari yaratilishini yoqlab chiqadi hamda Osiyo mamlakatlari bilan birgalikda uni shakllantirish uchun hamma narsani qiladi.
Shuningdek, Rossiya prezidentining fikricha, jahon moliya tizimining ishlash tamoyillarini qayta ko‘rib chiqish kerak, chunki hozirgisi “‘oltin milliard’ga ahamiyatli darajada birovlar hisobiga yashash imkonini bermoqda”. Buning uchun birinchi qadam milliy valyutalardan faolroq foydalanish bo‘lishi mumkin, dedi Putin.
Bir qutbli dunyo modeli nomaqbul ekani haqida Putin ko‘p marotaba aytib o‘tgan. Ushbu mavzudagi eng ko‘zga ko‘ringan va shov-shuvga sabab bo‘lgan nutqlaridan birini u 2007-yilda Myunxen xavfsizlik konferensiyasida so‘zlagan edi.
Shuningdek, Samarqanddagi SHHT sammiti doirasida “bir qutbli dunyoni yuzaga keltirishga urinishlar so‘nggi vaqtlarda mutlaqo xunuk qiyofa kasb etgani”ni ta’kidlagandi.
Mavzuga doir:
- Putin MDHdagi mojarolarni SSSR parchalanishi natijasi deb atadi
- “Putin va To‘qayev endi o‘zaro do‘st yoki ishonchli hamkor bo‘la olmaydi” — siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Rossiya va Qozog‘iston munosabatlari haqida
- Putin MDHga Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti huzurida kuzatuvchi maqomini berishni taklif qildi
Izoh (0)