Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z farmoni bilan mamlakat Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining Rossiya tomonidan Ukraina hududlarining egallab olinishiga urinishga javoban qarorlarini kuchga kiritdi.
Xususan, hujjatda “RF prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralarning imkonsizligi” qayd etilgan.
Shuningdek, farmonda Ukrainaning NATOga tezlashtirilgan tartibda qo‘shilish haqidagi ariza bilan qilgan murojaati ma’qullanadi.
Farmon Ukraina prezidenti saytiga 4-oktabrda joylandi, biroq hujjatga 30-sentabr sanasi qo‘yilgan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov matbuot uchun brifingda Zelenskiyning Putin bilan muzokaralardan bosh tortishi yuzasidan izoh berdi. “Endi yo hozirgi prezident pozitsiyasining o‘zgarishini kutamiz, yo ukrain xalqi manfaatlari yo‘lida o‘z pozitsiyalarini o‘zgartiradigan bo‘lg‘usi Ukraina prezidentini kutib qolamiz”, — dedi u.
30-sentabr kuni Kremlda Donetsk va Lugansk xalq respublikalari hamda Ukrainaning Xerson va Zaporojye viloyatlari bosib olingan qismlarining “Rossiya tarkibiga kirishi” haqida shartnomalar imzolandi. O‘sha kuniyoq Ukraina hukumati NATOga qo‘shilish uchun ariza berdi. Zelenskiy o‘shanda Rossiya bilan muloqotga tayyorligini aytgan, lekin “boshqa prezident bilan” degan edi.
Izoh (0)