Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi “Maxam-Chirchiq” korxonasida portlash yuz bergandi. “O‘zkimyosanoat” uning oqibatida hech kim jabrlanmaganini ma’lum qildi.
Xabarda qayd etilishicha, 4-oktabr soat 08:30 larda “Maxam-Chirchiq” AJning Ammiak-1 ishlab chiqarish sexi sintez bo‘linmasida qisqa portlash yuz bergan. Natijada sexning sintez kalonnasida yong‘in kelib chiqqan.
Hodisa oqibatida ishchi xodimlar va korxonaning boshqa ishlab chiqarish maydonlari hamda aholi yashash punktlariga zarar yetmagan. Shu bilan birga atrof muhitga zararli gazlar tarqalmagan. Bu bo‘yicha barcha xavfsizlik choralari o‘z vaqtida ko‘rilgan.
Ayni paytda yong‘inni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Voqea joyiga bosh vazir o‘rinbosari Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi komissiya a’zolari zudlik bilan yetib borgan va hozirda hodisa sabablari o‘rganilmoqda.
Ma’lumot uchun, “Maxam-Chirchiq” mineral o‘g‘itlar, kimyoviy mahsulotlar, qatronlar, katalizatorlar va xalq iste’moli mahsulotlari ishlab chiqaradi.
Izoh (0)