Toshkent shahri IIBB YHXB poytaxtning ayrim ko‘chalarida transport vositalarining yuqori tezligini soatiga 60 kilometrgacha cheklash masalasini shahar kengashiga kiritgani, ammo taklif qabul qilinmagani haqida ma’lumot berilgandi. Xalq deputatlari shahar kengashi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Unda ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi tomonidan Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida transport vositalarining yuqori harakatlanish tezligini soatiga 60 kilometrgacha kamaytirish yuzasidan kiritilgan taklif rad etilgani haqida asossiz ma’lumotlar tarqalmoqda.
Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining 2022-yil 16-sentabrdagi yetmishinchi sessiyasi kun tartibida shahar IIBB YHXBning Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida transport vositalarining yuqori harakatlanish tezligini soatiga 60 kilometrgacha kamaytirish to‘g‘risidagi taklifi ko‘rib chiqilgan.
Deputatlar tomonidan yuqorida kiritilgan taklifni muhokama qilish jarayonida aloqador idora va tashkilotlar bilan birgalikda har tomonlama va chuqur o‘rganish zarurligi, bunda shahar ko‘cha va yo‘l tarmog‘i, aholining harakatlanish oqimlari yo‘nalishlarini va shu kabi bir qator omillarni hisobga olish zarurligi bildirilgan.
Bayon etilganlardan kelib chiqib, deputatlar tomonidan mazkur taklif rad etilmagan bo‘lib, kengashning navbatdagi sessiyasi muhokamasiga qayta kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi ma’lum qilinadi.
Izoh (0)